Avvalo, sizlarni, taʼlim-tarbiya sohasining barcha jonkuyar xodimlari va faxriylarini umumxalq bayrami – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Biz har birimiz hayotda qanday muvaffaqiyat va natijalarga erishgan bo‘lsak, bu yutuqlarda sizlarning beqiyos hissangiz borligini doimo minnatdorlik bilan e’tirof etamiz. Shu bois, mana shunday quvonchli kunda barcha shogirdlaringiz, butun xalqimiz nomidan sizlarga yuksak hurmat-ehtiromimiz, ezgu tilaklarimizni bildirib, chin dildan ta’zim qilamiz.
Darhaqiqat, millionlab farzandlarimiz qalbiga ilm-fan ziyosini singdirib, ularni el-yurtga munosib insonlar etib tarbiyalayotgan zahmatkash va olijanob ustozlarimizga har qancha tahsinlar aytsak, arziydi.
Hammamizga ayonki, taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham bu – ilm-fan, ta’lim va tarbiyadir. Ertangi kunimiz, Vatanimizning yorug‘ istiqboli, birinchi navbatda, ta’lim tizimi va farzandlarimizga berayotgan tarbiyamiz bilan chambarchas bog‘liq.
Insoniyat ongli hayot kechira boshlagan davrdan buyon ta’lim va tarbiya masalasi, doimo dolzarb ahamiyat kasb etib kelmoqda.
Barchangizga shu sharafli yoʻlda olib borayotgan olijanob faoliyatingizda va shaxsiy hayotingizda yangi yutuq va omadlar tilayman.
Xonadonlaringizga doimo tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka yor boʻlsin!
Hamisha sogʻ-omon boʻling, aziz ustoz va murabbiylar!
Maksudov Muzaffar Saminjonovich
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining Qoʻqon filiali direktori