Joriy yilning 8-fevral kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining Qo‘qon filialida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-yanvardagi PQ-26-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tegishli komissiya a’zolarining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur qaror “Farg‘ona viloyatidagi oliy ta’lim tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” bo‘lib, hududdagi oliy ta’lim muassasalarining sifatini oshirish, ularni zamonaviy talablar asosida rivojlantirish va boshqaruv tizimini takomillashtirish masalalarini o‘z ichiga oladi.
Yig‘ilishda Qo‘qon davlat universiteti rektori v.b Sh.Pulatov boshchiligida tegishli soha mutaxassislari va ekspertlar ishtirok etdilar. Tadbir davomida Qo‘qon davlat universitetining yangi nizomi atroflicha muhokama qilindi va uning mazmun-mohiyati yuzasidan tegishli fikr-mulohazalar bildirildi.
Qo‘qon davlat universiteti nizomini takomillashtirish yuzasidan muhim taklif va tavsiyalar bildirildi. Shu bilan birga, qarorda ko‘rsatilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda ta’lim muassasalarining mas’uliyatini oshirish ham muhim ekanligi ta’kidlandi.
Shuningdek, Farg‘ona viloyatidagi oliy ta’lim muassasalarining menejment tizimini zamonaviylashtirish, o‘quv dasturlarini yangilash, professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish va xorijiy tajribalarni tatbiq etish bo‘yicha keng qamrovli ishlar davom ettirilishi belgilab olindi.
Ushbu yig‘ilish Prezident qarorining to‘liq va sifatli ijrosini ta’minlash, oliy ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.



