O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 7 sentyabrdagi “Ma’muriy islohotlar doirasida ta’lim sohasida davlat boshqaruvi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-957-son Qonuni

Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining Qo'qon filiali

Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan 2024 yil 2 aprelda qabul qilingan, Senat tomonidan 2024 yil 10 iyulda ma’qullangan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2024 yil 7 sentyabrda imzolangan, 2024 yil 9 sentyabrda rasmiy e’lon qilingan va shu kundan Qonun kuchga kirgan.

Hurmatli filial xodimlari, professor-o‘qituvchilari va talabalari keyingi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan ma’muriy islohotlar doirasida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, maktabgacha va maktab ta’limi sohasida davlat boshqaruvi tizimi takomillashtirildi, ushbu sohadagi bir qator respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi.

Ayni vaqtda bir qator respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining ma’muriy islohotlar doirasida transformatsiya qilinishi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi funksiyalari va vazifalarining alohida vazirliklarga o‘tkazilishi, shuningdek Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining qayta tashkil etilishi ularning rasmiy nomlanishini va vakolatlarini aniqlashtirish uchun qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritilishini talab etdi.

Mazkur Qonun bilan bir qator qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining, Sport vazirligining, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining nomlanishi va vakolatlari, shuningdek Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining nomlanishi aniqlashtirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi.

Bundan tashqari «Ta’lim to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘rta maxsus, professional, oliy ta’limni hamda oliy ta’limdan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarini tashqi baholashning yangi tizimi joriy etilishini, kadrlarning malakasini oshirish hamda ularni qayta tayyorlashni, shuningdek nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash bo‘yicha vakolatlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi o‘rtasida taqsimlanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi.

Ushbu Qonun oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, maktabgacha va maktab ta’limi sohasidagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining yaxlit tizimini shakllantirishga, shuningdek davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilayotgan ta’lim xizmatlarining sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, mazkur Qonun asosida O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Qonunlaridagi “oliy o‘quv yurtlari”, “oliy ta’lim muassasalari” va “ta’lim muassasalari” so‘zlarini – “oliy ta’lim tashkilotlari” va “ta’lim tashkilotlari” degan so‘zlar bilan almashtirildi va amaliyotga joriy etildi.

Yuqoridagilarga asosan filialda o‘z ish yurituvingizdagi hujjatlar (buyruqlar, bayonnomalar, xatlar) ni rasmiylashtirishda “oliy o‘quv yurtlari”, “oliy ta’lim muassasalari” va “ta’lim muassasalari” so‘zlari o‘rniga  –                      “oliy ta’lim tashkilotlari” va “ta’lim tashkilotlari” degan so‘zlardan foydalanishingiz talab etiladi.

 Ushbu targ‘ibot materiallari O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2025 yil 10 fevral kunidagi 3/31-4/1-957-son topshiriq xati asosida ishlab chiqildi.