tdtukokand.uz

Yuksak masʼuliyat egalari — “tyutorlar” haqida

Kundalik taʼlim leksikonimizga “tyutor” tushunchasi kirib kelar ekan, uning mazmuni nimadan iborat? Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Axborot xizmati rahbari Sardor Usmonov shu haqda soʻz yuritadi (https://yuz.uz/uz/news/yuksak-masuliyat-egalari–tyutorlar-haqida).

Vazirlar Mahkamasining “Respublika oliy taʼlim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror bilan uzoq vaqtdan beri kutilgan bir qator tizimli yangilik va oʻzgarishlar kiritildi. Ular qatorida 2021-yil 1-sentyabrdan boshlab talabalar bilan ishlash boʻyicha “guruh murabbiyi” instituti bekor qilinib, uning oʻrniga talabalar bilan ishlaydigan “tyutorlar” amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

Kundalik taʼlim leksikonimizga “tyutor” tushunchasi kirib kelar ekan, uning mazmuni nimadan iborat?

Avvalambor, “tyutor” (“tutor”) tom maʼnoda ustoz, murabbiy, instruktor — yoʻl koʻrsatuvchi maʼnolarida qoʻllaniladi. Tyutor birinchi navbatda, maʼlum bir sohaning mutaxassisi boʻlib, uning asosiy vazifasi talabaga muayyan bilim va koʻnikmalar berishdan iborat.

Kengroq maʼnoda esa, tyutor talabaga oʻquv jarayoni davomida oʻz salohiyatini namoyon qilish, oʻzini yanada yaxshiroq anglash, oʻqish va hayotda toʻgʻri qaror qabul qilish va tanlashni oʻrgatadi. U talabaga har bir qadam va harakatlarining oqibatlarini anglash, hayotda oʻz qiziqishlarini topishga yordam beradi.

Buning uchun tyutor oʻz tarbiyachilarining qiziqish va moyilliklarini, muammo va qiyinchiliklarini chuqur tahlil qiladi. U talabaning atrofidagi intellektual va psixologik muhitni sinchkovlik bilan oʻrganadi. Bir soʻz bilan aytganda, tyutor oʻquvchi va taʼlim jarayoni oʻrtasidagi bogʻlovchi kuch hisoblanadi. Uning yordamida oʻqish qiziqarli va samarali jarayonga aylanishi lozim.

Tyutorlik usuli qadimgi Yunonistonda ham asosiy taʼlim jarayoniga yordam sifatida yoʻlga qoʻyilgan edi. Hozirda dunyoning koʻplab mamlakatlarida tyutorlik uchun maxsus oʻqitiladi, diplom beriladi. Masalan, Rossiyada pedagogika sohasiga ixtisoslashtirilgan oliygohlarda bakalavr va magistratura boʻyicha maxsus tyutorlik kurslari bor. Tyutorlik markazlari va assotsiatsiyalar faoliyat yuritadi.

Bu qoʻhna usul zamonaviy dunyoda turli shakllarda (formal va noformal, oʻquv xonasida yoki masofaviy tarzda) qoʻllaniladi. Tyutorlik, albatta, formal oʻquv jarayonidan farq qiladi. U yengilroq, moslashuvchan shaklda amalga oshiriladi.

Tyutorlar — bu yuksak masʼuliyat egalari hisoblanadi. Zero, tyutor dunyoqarashi endi shakllanayotgan talaba bilan muntazam tarzda ishlaydi. Bunday mutaxassisning asosiy vazifasi — boshqa odamga oʻqishni samarali va qiziqarli jarayonga aylantirishga yordam berish. Tyutor ham butun guruh bilan, ham individual tarzda ishlashi kerak boʻladi.

Ilmning qaysi sohalariga urgʻu berish, kelajakda kasb tanlash, kerak boʻlsa, boshqa mutaxassislikka moʻljal olish, oʻqish va kundalik hayot oʻrtasida muvozanatni oʻrnatish, vaqtini menejment qilish masalalarida talabalarga taʼsir qilish ham tyutorning vazifasidir.

Yaxshi tyutor — bu talabaga yelkadosh murabbiy va mohir konsultantdir. U talabaning kuchli taraflarini, zaxiradagi qobiliyatlarini yuzaga chiqarib, kamchiliklari ustida ishlashni oʻrgatadi.

Posted in Uncategorized.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan