Sharifjon Po'latov

Oʼzbekiston taʼlim tizimi yangi bosqichga qadam qoʼydi

  Yangi O’zbekiston N184(440) 15.09.2021 soni.  Yuklab olish

«Yangi O’zbekiston» gazetasi, 184-son, 5-bet.

— Oʼzbekistonda taʼlim sohasini qoʼllab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar biz, ziyolilarni, ayniqsa, xushnud etadi, — deydi Toshkent davlat texnika universiteti Qoʼqon filiali direktori Sharif Po’latov.

Filialimiz Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 sentyabrdagi qarori asosida tashkil etilgan. Bu yerda elektr texnikasi, elektr mexanikasi va elektr texnologiyalari, elektronika va asbobsozlik, materialshunoslik va yangi materiallar texnologiyasi, texnologik mashinalar va jihozlar, elektron apparaturalar ishlab chiqarish texnologiyasi yoʼnalishlari boʼyicha bakalavrlar tayyorlanadi.

Filialimizda navbatdagi oʼquv yili uchun kvotalar soni oshirilgani ayni muddao boʼldi. Kunduzgi taʼlim uchun 250 nafar, sirtqi taʼlim uchun 125 nafar talaba qabul qilinishi filialimiz nufuzi oshib borishiga hissa qoʼshishi shubhasiz.

Mustaqillik tantanalari arafasida Qoʼqon mexanika zavodi huzurida Kasbga oʼqitish innovatsion markazi tashkil etilgani talaba va oʼqituvchilarimiz uchun bayramga munosib sovgʼa boʼldi. Bu yerda zamonaviy kasblarga oʼqitishga moʼjallangan laboratoriyalarda mashinasozlik sanoati uchun detallarni kompьyuter texnologiyalari yordamida tayyorlash, raqamli dasturlash hamda elektr payvandlash texnologiyasi sohalarida innovatsion uslublarda darslar oʼtish mumkin.

Yaratilgan bu kabi shart-sharoitlar hozirdanoq oʼz natijalarini bermoqda. Xususan, talabalarimiz tomonidan qilingan bir necha yangi ixtirolar uchun patentlar olishga erishyapmiz.

Kam taʼminlangan talabalarni qoʼllab-quvvatlash maqsadida ijarada turuvchi talabalarga ijara pulini toʼlab berish tizimi joriy etilishi nur ustiga nur boʼldi. Biz ham mazkur oʼquv yilida filial talabalariga yengillik yaratish maqsadida Qoʼqon avtotransport texnikumining 500 oʼrinli yotoqxonasini ijaraga oldik. Shuningdek, talaba qizlar uchun filialning asosiy binosida joylashgan 100 oʼrinli yotoqxona ajratildi. Аlbatta, bu kabi saʼy-harakatlarimiz taʼlim sifatini oshirishga yordam beradi.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 avgustdagi “Etim bolalar va ota-ona qaramogʼidan mahrum boʼlgan bolalarni davlat tomonidan qoʼllab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarori yana bir ezgu amalga qoʼl urishimizga asos boʼldi. Qoʼqon shahrida joylashgan 12-Mehribonlik uyida taʼlim-tarbiya ishlarini yaxshilash maqsadida turli toʼgaraklar tashkil etish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqdik. Mazkur reja asosida oʼquv yili davomida robototexnika, IT yoʼnalishdagi toʼgaraklar faoliyatini yoʼlga qoʼyamiz.

Talabalarimiz uchun yaratilayotgan sharoitlar, ularning gʼayrat-shijoatini koʼrib ishonch bilan ayta olamanki, Toshkent davlat texnika universitetining Qoʼqon filialida yetishib chiqqan mutaxassislar Oʼzbekistonimizning taraqqiyotida amaliy ishtirokchi boʼla oladi.

 

Posted in Uncategorized.