Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʼallikni qisqartirish boʼyicha hokim yordamchisi, navqiron avlod vakillari manfaatlarini himoya qilish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi vakili faoliyati yoʼlga qoʼyilganidan xabaringiz bor.
Qolaversa, bundan buyon oliy oʼquv yurtlarida yoshlar masalalari, maʼnaviy va maʼrifiy ishlar boʼyicha prorektorlarga birinchi oʼrinbosar maqomi berilishi ham yoshlar bilan ishlashning mutlaqo yangi tizimi joriy etilganidan dalolatdir. Chunki davr talabidan kelib chiqib, talaba-yoshlarni Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik, diniy bagʼrikenglik va millatlararo totuvlik ruhida tarbiyalash taqozo etilmoqda.
Bugun ijtimoiy hayotimizda, ayniqsa, yoshlar tarbiyasi bilan bogʼliq muammolarning ildizini izlasak, aksar hollarda bizdagi loqaydlik va beparvolik koʼnikmalari katta xavf tugʼdirayotgani guvohi boʼlyapmiz. Bunday illatlarga uzil-kesil nuqta qoʼyish uchun esa nuroniylar taʼsiri, jamoatchilik nazorati yetishmayapti. Shu sababli davlatimiz rahbari tashabbusi bilan «Bir ziyoli – bir mahallaga maʼnaviy homiy» tamoyili asosida har bir hududga boy hayotiy tajribaga ega professor-oʼqituvchilar, taniqli ziyolilar biriktirilgani ayni muddao boʼldi.
Xuddi shunday, Toshkent davlat texnika universiteti Qoʼqon filiali professor-oʼqituvchilari ham Fargʼona viloyati Furqat tumanining 34 mahallasida hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari bilan birga targʼibot ishlarini amalga oshirmoqdalar. Pedagogik jamoa hamda iqtidorli talabalarning bu mahallalarda uyushmagan yoshlar uchun sport bellashuvlari va boshqa maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etishi ajoyib anʼanaga aylanib ulgurdi.
Biz oʼz uyimizda, oilamizda, mahallamizda farzandlarimiz taʼlim-tarbiyasiga hamma narsadanda koʼproq eʼtibor qaratsak, ertangi kunimizdan xotirjam tortsak boʼladi. Chunki ertamizni, kelajagimizni yuksak tafakkurli, keng dunyoqarashga ega yoshlar qoʼliga topshirish uchun bugun biz harakat qilmogʼimiz, najotni taʼlim-tarbiyadan izlamogʼimiz kerak.
Sharifjon POʼLАTOV,
Toshkent davlat texnika universiteti Qoʼqon filiali direktori.